Majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan navbatdagi  o‘quv seminar Navoiyda bo‘lib o‘tdi

Majburiy mehnatning oldini olish va bunga qarshi qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan mamlakatimizda sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasining 2020 yil 17 iyundagi yig‘ilishida tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq, respublikamiz bo‘ylab reja asosida majburiy mehnatning oldini olish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish masalalari bo‘yicha onlayn o‘quv seminar tashkil etilmoqda. 

Shunday tadbirlardan biri Navoiy viloyatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullari, Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili O.Lipkanu, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, Ish beruvchilar konfederasiyasi, Savdo-sanoat palatasi, fuqarolik jamiyati faollari, Navoiy viloyati hokimligi, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasteri rahbarlari hamda ish beruvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Ya. Dushanov tadbirni ochib berar ekan, mavzuni ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Shuningdek, tinglovchilar majburiy mehnat tushunchasining mazmun-mohiyati, paxta yig‘im-terimi davrida mavsumiy ishchilarni ishga qabul qilishda nimalarga amal qilish zarurligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldi va sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan  savollarga javob olishdi.