Samarqandda Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda onlayn seminar tashkil etildi
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasining 2020 yil 17 iyundagi yig‘ilishida tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda majburiy mehnatning oldini olish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish masalalari bo‘yicha onlayn o‘quv-seminarlar Samarqand viloyatida davom ettirildi.
Karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda tashkil etilgan mazkur yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov, Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili O.Lipkanu, Ish beruvchilar konfederasiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari federasiyasi mas’ullari, fuqarolik jamiyati faollari, Samarqand viloyati fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasteri rahbarlari hamda ish beruvchilar ishtirok etdi. Uchrashuvni vazir o‘rinbosari N.Yakubov ochib berib, ishtirokchilarga seminarning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida tinglovchilar majburiy mehnat tushunchasining mazmun-mohiyati, paxta yig‘im terimi davrida mavsumiy ishchilarni ishga qabul qilishda nimalarga amal qilish zarurligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, o‘quv-seminar oxirida ular mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.