Majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan dastlabki onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi
Bugun, 30 iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasining 2020 yil 17 iyundagi yig‘ilishida tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda majburiy mehnatning oldini olish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish masalalari bo‘yicha ilk seminar Sirdaryo viloyatida tashkil etildi.
Tadbirda karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov, Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili O.Lipkanu, Ish beruvchilar konfederasiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari federasiyasi mas’ullari, fuqarolik jamiyati faollari, Sirdaryo viloyati fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasteri rahbarlari hamda ish beruvchilar ishtirok etishdi.
Bunda majburiy mehnat tushunchasining mazmun-mohiyati, paxta yig‘im terimi davrida mavsumiy ishchilarni ishga qabul qilishda nimalarga amal qilish zarurligi haqidagi ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, o‘quv-seminar oxirida tinglovchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.