“O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi” imzolandi
Poytaxtimizda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi” imzolashga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklidagi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti mas’ullari, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi, O‘zbekiston ish beruvchilar Konfederasiyasi raisi va boshqalar ishtirok etdi.
T.Narbayeva O‘zbekiston Respublikasining Munosib mehnat bo‘yicha 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani hamda O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi samarali hamkorlikni asosi bo‘lganligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2014 yildan buyon yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish, fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish, bu borada yaqin hamkorlikda qator ishlarni amalga oshirib kelinayotgani, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda “O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi”ning qabul qilingani va amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Dasturda mamlakatda fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish masalalariga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro mehnat normalarini amaliyotga tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganiga e’tibor qaratildi.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik qilinayotgani, ushbu tashkilotning 18 ta, shu jumladan, 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konvensiyasi ratifikasiya qilingani O‘zbekiston mehnat qonunchiligini xalqaro mehnat standartlariga moslashtirish va takomillashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi” imzolanib, ijroga yo‘naltirildi hamda dasturning amaliyotga tatbiq etilishida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishilib olindi.