Milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida joriy yildagi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnat holatlari muhokama qilindi

Joriy yilning 4 dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining “Joriy yilda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yakunlari”ga bag‘ishlangan navbatdagi videokonferensiya shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida komissiya a’zolari, tegishli vazirlik, idoralar mutassaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib borgan ushbu majlisda respublikada chaqaloq savdosining oldini olish, uning kelib chiqish sabablari, omillari va mavjud muammolar hamda joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar va ularning samaradorligi muhokama qilindi.

Jumladan, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, jurnalist va blogerlardan iborat 13 ta, Davlat mehnat inspektorlari ishtirokida 6 ta ishchi guruh tashkil etilib, aholi, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. Joylardan tushgan murojaatlar zudlik bilan o‘rganilgani hamda aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilgani, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan va munosib mehnat sharoitlari yaratilishiga yetarli e’tibor qaratmagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgani ta’kidlandi.

Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruxlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 3 048 ta tashkilot, fermer ho‘jaliklarida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 653 mln. 167 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlandi.

Jumladan, 2020 yilgi paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs, shu jumladan, tashkilot rahbarlari, hokim va uning o‘rinbosarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.

Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasini bajarmaganligi, 17 ta holatda ish haqining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, klaster va fermer xo‘jalik rahbarlari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, Bandlik va mexnat munosabatlari vaziri - majburiy mehnatga qarshi kurashish kichik komissiyasi raisi N.Xusanovning “Joriy yil paxta - yig‘im terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaslik va terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning samaradorligi to‘g‘risida”gi axborotida yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekistonning 2020 yildagi majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi barcha amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

2020 yil may oyidan boshlab barcha hududlarda aholi gavjum joylarga majburiy mehnatni oldini olish bo‘yicha o‘tgan yilgidan sezilarli darajada ko‘proq, ya’ni 800 dan ortiq banner o‘rnatildi, 550 mingta flayer va 20 mingdan ziyod “Majburiy mehnatdan ogoh bo‘ling” nomli uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.

Paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan hamda paxta yig‘im-terimi ishlariga aholini erkin yollash, terimchilarga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar tayyorlanib, barcha markaziy va hududiy telekanallar hamda xususiy telekanallar orqali efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Milliy komissiya raisi tasdiqlangan reja jadvalga asosan joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumidan oldin hududlarda ish beruvchilarning, xususan, fermerlar va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlarining majburiy mehnat bo‘yicha bilimlarini oshirish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish maqsadida Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlarini jalb etgan holda 71 marotaba onlayn shaklda o‘quv seminarlar tashkil etildi. Respublika bo‘ylab bu tadbirlarda ishtirok etganlar soni 2 100 dan ortiqni tashkil etdi.
 

Bugungi kunga qadar Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 790 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali - 461 ta, web sayt orqali - 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali - 113 ta, yozma arizalar -201 ta qayd etilgan.

Kelib tushgan murojaatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, fuqarolik jamiyati faollaridan joriy yil paxta yig‘im-terim davrida jami 26 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 6 ta holat yuzasidan mehnatga ma’muriy tarzda majburlash holatlari aniqlanib mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

O‘z navbatida, joriy yil paxta yig‘im-terim mavsumi ijtimoiy tarmoqlarda bloggerlar tomonidan faol yoritib borildi hamda ijtimoiy tarmoqdan jami kelgan 113 ta xabar yuzasidan o‘rganishlar tezkorlik bilan olib borildi va 25 ta holatda keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Hududlar kesimida qaraladigan bo‘lsa, joriy yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat holatlarining ko‘pchilik qismi Namangan viloyatida 19 ta, shu bilan birga boshqa hududlarda ham kuzatilib, Jizzax viloyatida 7 ta, Toshkent viloyatida 6 ta, Surxondaryo viloyatida 5 ta, Xorazm viloyatida 3 ta, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida 1 tadan qayd etildi.

Yig‘ilishda majburiy mehnat holatlarining vujudga kelishiga sharoit yaratib berganligi uchun 5 ta tuman hokimlariga ya’ni Namangan viloyatining Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumani, Toshkent viloyatining Oxangaron va O‘rtachirchiq tumani, Xorazm viloyatining Urganch tumanlari hokimlariga hukumat farmoyishiga asosan intizomiy jazosi berilganligi va takroriy qonunbuzilishlar yuzasidan ularning egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha ogohlantirilganligi ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, joylarda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yuzasidan Namangan, Jizzax, Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklarining hisobotlari eshitildi.

Ushbu viloyatlarda paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish, ularning pullarini o‘z vaqtida berilishini ta’minlash, majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar talab darajasida tashkil etilmaganligi tanqid qilindi.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.