Paxtani asosan kimlar teradi? Vazir o‘rinbosari aniqlik kiritdi

Mehnat vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, paxta terimiga birinchi navbatda «temir daftar»dagilar, og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolar, ko‘p bolali xotin-qizlar, ishsiz yigitlar, ayniqsa mehnat migratsiyasiga keta olmaganlar faqat shartnoma asosida jalb etiladi.

11 sentabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida majburiy mehnatga qarshi kurashish mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirdan so‘ng Kun.uz muxbiriga intervyu bergan vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov paxta terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Erta-indin juda katta paxta kampaniyasi boshlanadi. Bu yildagi mavsumning o‘tgan yillardagidan farqi shundan iboratki, bunda birorta odam paxta terimiga majburan bormaydi.

Biz endi paxta teruvchilarni hasharchi demayapmiz. Avvallari ularni maosh bilan emas, va'dalar bilan, buyruq, qo‘pollik va qo‘rqitish bilan terimga jalb qilardik. Endi bu narsalarga chek qo‘yildi.

O‘zbekistonda bu yildan boshlab biror paxta terimchisi majburiy paxta termaydi. Har bir «men paxta teraman» degan insonga iqtisodiy manfaatlarini ko‘zlab, ularni shartnoma asosida, ish sharoitlarini yaxshilash va qiyin sharoitlarda terayotgan paxtasining har bir kilosiga qo‘shimcha 200 so‘m qo‘shib to‘lanadi. Birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400, qiyin sharoit ham hisobga olinib 200 so‘m qo‘shiladi.

Bahodir Umrzoqov

Yana bir yangilik – maxsus brigadalar tuzdik. Endi ishchilar bilan paxta terishlari bo‘yicha shartnoma imzolanadi, ular o‘z roziligi bilan terimga boradi. Shartnomada majburiyatlar bor. Masalan, ish beruvchi transport vositalari bilan ta'minlashi, terimchilar yotoq joyida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi zarur. Ular issiq ovqat, non-choy bilan ta'minlanadi.

O‘zbekistonda ilk bor yangi shartnomaviy asosda paxta terimi tashkil qilyapmiz. Terimchilarga barcha sharoitlar yaratiladi. Agarda majburiy jihatdan bunga yondashiladigan bo‘lsa, u brigada rahbari jazolanadi.

Bolalar mehnati ham hisobga olinyapti. Bolalar maktabdan qaytganidan keyin ota-onasiga yordamga borishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ota-onalarga bolalarni dalalarga olib kelishni man qilyapmiz. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar paxta dalasiga kiritilmaydi.

Paxta terimi jarayonida birinchi navbatda mahallalarda tuzilgan «temir daftar»lar bor. Og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolar, masalan 3-4 ta bolali xotin-qizlar, ishsiz yigitlar, ayniqsa, mehnat migratsiyasiga keta olmaganlar qabul qilinadi», – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov.