Majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan vebinarlar davom etmoqda

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yo‘l xaritaga muvofiq respublikamiz bo‘ylab Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda davlat tashkilotlari rahbarlari, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlari va ish beruvchilarni jalb qilgan holda vebinar shaklda o‘quv seminarlar davom etmoqda.

Majburiy mehnatning oldini olish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish yuzasidan tushuntirishlar berish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov, Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili O.Lipkanu, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, Ish beruvchilar konfederasiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari federasiyasi mas’ullari, fuqarolik jamiyati faollari, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidagi fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasteri rahbarlari hamda ish beruvchilar ishtirok etishdi.

Tadbirni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari ochib berar ekan, bu yil paxta uchun davlat buyurtmasini bekor qilinganligini inobatga olgan holda, paxta yig‘im terim ishlarini faqatgina paxta tekstil klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan jamoat tashkilotlari ko‘magi asosida amalga oshirilishini ta’minlash lozimligini, 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish maqsadiga to‘liq erishish hamda hamda paxtachilikda va rivojlanayotgan to‘qimachilik va tikuvchilik sohalarida mehnatga oid asosiy huquqlarni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

  

Shuningdek, tadbir davomida Xalqaro Mehnat Tashkiloti mutaxassisi Oksana Lipkanu qatnashchilarga majburiy mehnat tushunchasining mazmun mohiyati, paxta yig‘im terimi davrida mavsumiy ishchilarni ishga qabul qilishda nimalarga amal qilishimiz zarurligi haqida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarni qiziqtirgan savollarga javob olishdi.